|
Kelayotgan 43-chi Osiyo Tarraqiyot Banki Boshqaruvchilarining Yillik Yigilishiga tayyorgarlik muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Jumladan, ushbu yirik anjumanga tayyorgarlik borasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 16 fevral kuni Oqsaroyda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Xaruxiko Kurodani qabul qildi.
OTB O‘zbekistonning ko‘p yillik va ishonchli sherigi sifatida mutaxassislarimiz ishtirokida iqtisodiyotning ko‘plab sohalarini qamrab olgan mamlakatimiz bilan hamkorlik strategiyasini izchil ishlab chiqmoqda va amalga oshirmoqda. OTBning joriy yil may oyi boshida Toshkent shahrida o‘tadigan 43-yillik majlisi mazkur nufuzli xalqaro moliya muassasasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi birinchi forumi bo‘ladi. Bu O‘zbekistondagi takomillashib borayotgan iqtisodiy islohotlar modeli samaradorligi xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganidan dalolatdir.
Mamlakatimiz 1995 yilda OTBning teng huquqli a’zosi bo‘ldi. O‘tgan davrda transport infratuzilmasi, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim tizimi, kichik biznes va boshqa ko‘plab sohalarni rivojlantirish bo‘yicha strategik ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan umumiy qiymati 1,2 milliard AQSH dollaridan ortiq kredit resurslari muvaffaqiyat bilan o‘zlashtirildi. Bugun O‘zbekiston bilan hamkorlik qilayotgan xalqaro moliya institutlari orasida taqdim etilgan kreditlar hajmi bo‘yicha OTB yetakchi o‘rinda turadi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan OTB o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga oid, 43-chi OTB Boshqaruvchilarining Yillik Yigilishiga tayyorgarlik borasidagi organizatsion masalalar, hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa savollar yuzasidan fikr almashildi.
|