|
 |
|
|
MB |
Sotib olish |
Sotish |
|
USD |
1816.76 |
1828.00 |
1833.00 |
EUR |
2392.72 |
2393.00 |
2428.00 |
|
|
barcha valyutalar |
|
|
| YANGILIKLAR |
|
| 19- Iyul, 2010 |
2010 yilning birinchi yarim yilligida YaIM 8,0 foizga o'sdi
|
| 2010 yil 16 iyulda Vazirlar Mahkamasining majlisi bo'lib o'tdi. Majlisda joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari muhokama etildi va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2010 yil 29 yanvarda respublika Hukumatining majlisida belgilab berilgan 2010 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor vazifalari amalga oshirilishini so'zsiz ta'minlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Majlisda mamlakat iqtisodiyotini isloh qilish va modernizatsiyalashni, undagi tarkibiy qayta o'zgartirishlarni davom ettirish va chuqurlashtirish, 2009-2012 yillarga mo'ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirish hamda shu asosda iqtisodiyot o'sishining yuqori va barqaror sur'atlarini, uning makroiqtisodiy mutanosibligini ta'minlash va samaradorligini yuksaltirish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijalari har tomonlama ko'rib chiqildi va chuqur tahlil qilindi, deb xabar beradi O'zA.
Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor vazifalarini, shu jumladan, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash bo'yicha dasturiy chora-tadbirlarni so'zsiz amalga oshirish yuzasidan ko'rilayotgan tadbirlar 2010 yilning birinchi yarim yilligida yalpi ichki mahsulotning 8,0 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmining 8,0 foizga, iste'mol tovarlari ishlab chiqarish hajmining 11,8 foizga, qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmining 6,9 foizga, qurilish ishlari hajmining 11,5 foizga, chakana tovar aylanmasi hajmining 10,3 foizga, ko'rsatilgan xizmatlar hajmining 10,9 foizga o'sishini ta'minlaganligi qayd etildi. Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz miqdordagi profitsit bilan ijro etildi, inflatsiya darajasi prognoz ko'rsatkichlaridan ortiq bo'lmadi.
Kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish davomida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining eksport salohiyatini oshirish yuzasidan ko'rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini tahlil qilishga alohida e'tibor berildi. Eksport qiluvchilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va yangi sotish bozorlariga faol kirib borish hisobiga eksport hajmining 14,3 foizga o'sishi ta'minlanganligi hamda tashqi savdo aylanmasining sezilarli miqdordagi ijobiy saldosiga erishilganligi qayd etildi. Mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari tomonidan hisobot davrida jahonning 139 mamlakatiga, shu jumladan, 26 yangi mamlakatga tovarlar va xizmatlar eksport qilindi.
Ushbu masala bo'yicha vazirliklar, idoralar, xo'jalik birlashmalari va korxonalar rahbarlari oldiga eksport mahsulotlari (ishlar, xizmatlar)ning turlarini yanada kengaytirish va hajmini ko'paytirish, tashqi savdo infratuzilmasini rivojlantirish, sotishning an'anaviy yo'nalishlarida mavqeni mustahkamlash va yangi xorijiy bozorlarni o'zlashtirish yuzasidan aniq vazifalar qo'yildi.
Majlisda Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasida iqtisodiy o'sishning maqsadli parametrlariga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror kreditlash uchun kredit resurslarining uzoq muddatli manbalarini jalb etish, banklarning kapitallashuvini oshirish va ularning investitsiya faolligini kengaytirish bo'yicha qabul qilingan Hukumat qarorlarining bajarilishi batafsil ko'rib chiqildi.
Qayd etildiki, ko'rilayotgan chora-tadbirlar natijasida aholi omonatlari hajmi yil boshidagiga nisbatan 41,8 foizga o'sdi, banklarning resurs bazasi sezilarli darajada mustahkamlandi, bu esa kredit qo'yilmalari 30,3 foizga o'sishini ta'minlash imkonini berdi. Hisobot davrida o'zlashtirilgan investitsiya kreditlari hajmi 2,3 baravar ko'paydi.
Tijorat banklari rahbarlarining hisobotlarida banklarning resurs bazasini yanada mustahkamlash va iqtisodiyotning real sektori korxonalarini, ayniqsa, yangi zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish, ishlab turgan korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash bo'yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan korxonalarni, shu jumladan, banklarning balanslariga berilgan bankrot korxonalar negizidagi loyihalarni kreditlash orqali qo'llab-quvvatlashni kengaytirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlarga alohida e'tibor qaratildi.
Majlisda ijtimoiy, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari amalga oshirilishi, qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha uy-joylar qurilishi batafsil ko'rib chiqildi.
Qishloq aholi punktlarida joylashgan 223 ta yer massivida namunaviy loyihalar bo'yicha 6800 ta uy qurilishi amalga oshirilib, ularning 2010 yil uchinchi chorakda foydalanishga topshirilishi mo'ljallanmoqda, yangi qishloq turar-joy massivlariga tutash 213,9 km uzunlikdagi tashqi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalarini qurish tugallandi. Hisobot davrida qurilish va pardozlash materiallari ishlab chiqaruvchi 116 ta yangi korxona, shu jumladan, 25 ta g'isht ishlab chiqaruvchi korxona ishga tushirildi.
Xalqaro va davlat ahamiyatiga ega umumiy foydalaniladigan avtomobil yo'llarni qurish va ta'mirlash dasturini bajarish doirasida, shu jumladan, O'zbekiston milliy avtomagistrali uchastkalarini qurish obyektlarida 190,6 mlrd so'm yoki 2009 yilning birinchi yarim yilligidagiga nisbatan 1,8 baravar ko'p mablag' o'zlashtirildi, yo'lbo'yi infratuzilmasi va servis obyektlari qurilmoqda va foydalanishga topshirilmoqda. 2010 yilning birinchi yarim yilligida Navoiy shahrining xalqaro aeroporti orqali yuk va yo'lovchi tashish hajmi 22 foizga o'sdi, "Angren" logistika markazi o'z faoliyatini boshladi.
Majlisning kun tartibi doirasida naqd pul aylanishini yanada takomillashtirish, naqd pul tushumini bank kassalariga to'liq tushishini ta'minlash va plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini kengaytirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi muhokama qilindi. Naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish doirasida chiqarilgan plastik kartochkalar va o'rnatilgan terminallar soni 2009 yilning shu davriga nisbatan mos ravishda 38,7 foizga va 66,5 foizga oshdi, shunga muvofiq plastik kartochkalar orqali naqd pulsiz to'lovlar hajmi 2,7 baravar oshdi.
Majlis ishtirokchilari tomonidan naqd pulsiz muomalani kengaytirish hamda pul mablag'larining bankdan tashqari aylanishi sabablarini bartaraf etishga yo'naltirilgan qo'shimcha chora-tadbirlar ko'rish muhimligi qayd etildi.
Majlisda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari, xo'jalik birlashmalari va yirik korxonalarning barqaror ishlashini, moliyaviy mustahkamligini va raqobatbardoshligini ta'minlash, ishlab chiqarish dasturlarini so'zsiz bajarish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, mahalliylashtirish bo'yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan ko'rilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi har tomonlama ko'rib chiqildi.
Faol investitsiya siyosatining davom ettirilishi 7,1 trln so'm miqdoridagi investitsiyalarni o'zlashtirishni, shu jumladan, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni o'tgan yilning birinchi yarim yilligidagiga nisbatan 1,3 baravar ko'p o'zlashtirishni ta'minlaganligi qayd etildi. Ishlab chiqarishni texnik modernizatsiyalash bo'yicha 108 ta loyihani amalga oshirish tugallandi, shuningdek, 529 ta ishlab chiqarish obyekti foydalanishga topshirildi.
Iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari faoliyatini tanqidiy tahlil qilish davomida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik qayta jihozlash va diversifikatsiyalashga doir dasturiy chora-tadbirlar bajarilishini so'zsiz ta'minlashga doir aniq vazifalar qo'yildi.
Majlisda 2010 yilda yangi ish o'rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi bajarilishini, shuningdek, umumta'lim maktablarining 9-sinflari bitiruvchilarini kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga to'liq qabul qilishni ta'minlash, o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish ishlarining natijadorligini muhokama qilishga alohida e'tibor qaratildi. Aniq maqsadlarga yo'naltirilgan chora-tadbirlar ko'rilishi natijasida 2010 yilning birinchi yarim yilligida 509 mingtadan ortiq ish o'rni, shu jumladan, qishloq joylarda 350 mingdan ortiq ish o'rni tashkil etish ta'minlanganligi qayd etildi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari, vazirliklar, idoralar rahbarlari oldiga, birinchi navbatda, tashkil etilayotgan ish o'rinlari sonini ko'paytirish, ularning barqaror ishlashini ta'minlash, shuningdek, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bitiruvchilarini, ayniqsa, qishloq joylardagi bitiruvchilarni ishga joylashtirish hisobiga aholi bandligi va daromadlarini yanada oshirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar ko'rish bo'yicha aniq vazifalar qo'yildi.
Respublika Hukumati majlisiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari bo'yicha tegishli qarorlar qabul qilindi, ularda 2010 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari amalga oshirilishini so'zsiz ta'minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
|
|
|
|
|