 |
|
O'zmilliybank ishlab chiqarish mikrofirmalari, kichik va o'rta tadbirkorlar, dehqon va fermer xo'jaliklariga, kichik va o'rta biznesning boshqa subyektlariga imtiyozli kreditlar berish uchun Imtiyozli kreditlash maxsus fondini shakllantirgan. Fond mablag'lari bank foydasining 25 foizigacha bo'lgan qismini ajratish orqali to'ldiriladi.
Imtiyozli kreditlash maxsus fondi mablag'lari hisobidan berilgan kreditlardan foydalanganlik uchun foiz stavkalari Markaziy bankning amaldagi takror moliyalash stavkasining 50%dan oshmaydi.
Fond mablag'lari hisobidan kreditlar berish muddatlari kreditlanadigan tadbir o'zini qanday oqlashiga bog'liq bo'ladi, xususan:
– kichik va o'rta tadbirkorlik subyektlariga xom ashyo va materiallar, yarim fabrikatlar va boshqa ishlab chiqarish zaxiralarini sotib olishda zarur bo'ladigan oborot mablag'larini to'ldirish uchun kreditlar 1 yil muddatga beriladi;
– fermer xo'jaliklariga, shuningdek yuridik shaxs maqomini olgan dehqon xo'jaliklariga qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishini tashkil etishda kerak bo'ladigan oborot mablag'larini to'ldirish uchun kreditlar kamida 2 yilga beriladi;
– kichik va o'rta tadbirkorlik sohasining barcha subyektlariga, jumladan yuridik shaxs maqomini olgan fermer va dehqon xo'jaliklariga investitsiya loyihalarini moliyalash uchun kreditlar 5 yilgacha muddatga berilishi mumkin.
Qarz oluvchilarga Imtiyozli kreditlash maxsus fondi mablag'lari hisobidan kreditlar mahsulot ishlab chiqarish bilan bog'liq bo'lgan, quyidagilar ko'zda tutiladigan tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish, rivojlantirish va kengaytirish uchun beriladi:
– ishlab chiqarish binolarini qurish, texnik qayta qurollantirish va rekonstruksiyalash;
– mashinalar, uskunalar, jihozlar, anjomlar, urug'lik, chorva mollari va parranda sotib olish;
– xom ashyo va materiallar, jumladan furaj, omixta yem, veterinariya preparatlari, o'simliklarni himoyalashning kimyoviy vositalari, mineral o'g'itlar, yonilg'i-moylash materiallari sotib olish hamda ekin maydonlariga ishlov berish yuzasidan mexanizatsiyalashgan xizmatlar haqini to'lash.
Yuridik shaxs maqomini olmasdan faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar va dehqon xo'jaliklari, shuningdek yuridik shaxs maqomini olgan fermer xo'jaliklari, kichik tadbirkorlikning boshqa subyektlariga milliy valutadagi mikrokreditlar berish shartlari qanday bo'lsa, Imtiyozli kreditlash maxsus fondi hisobidan mikrokreditlar berish shartlari ham xuddi shunday. |